 Dog`iston poytaxti Maxachqal`a shahrida 9 yoshli qizchani itlar g`ajib o`ldirgandan keyin shahar aholisi barcha itlarni betartib ravishda o`qqa tutdi, deb xabar berdi “Lenta.ru” nashri.
19 fevral kuni Dog`istonning Maxachqal`a shahrida daydi itlar 9 yoshli qizchani g`ajib o`ldirdi. Ota-onasi uning jasadini yo`l chetidan topdi. Mazkur fakt bo`yicha Maxachqal`a shahar XUJMSh boshqarmasining mas`ul xodimlariga nisbatan “Xizmat vazifasiga sovuqqonlik bilan qarash tufayli inson o`limiga sabab bo`lish” moddasi bo`yicha jinoiy ish qo`zg`atildi. Shundan keyin ijtimoiy tarmoqlarda itlarni o`ldirishga da`vat etuvchi guruhlar paydo bo`ldi. Hayvonlarni himoya qiluvchi mahalliy tashkilot a`zolari barcha itlarni yoppasiga o`qqa tutish shahar ekologik tizimiga salbiy ta`sir ko`rsatishi haqida bong urmoqda. 21 fevral kuni Change.org saytiga “Dog`iston respublikasida itlarni o`ldirishni to`xtating!” nomli petisiya joylashtirildi. Unga 11 mingdan ortiq odam imzo chekdi.
“Barcha itlar yoppasiga o`qqa tutilmoqda, shahardagi bog`cha, maktab, kasalxona va boshqa muassasalarning oldi itlarning jasadiga to`lgan. Odamlar es-hushini yo`qotib, bolalarning ko`z o`ngida himoyasiz itlarni o`qqa tutmoqda”, deb yozdi petisiya muallifi maxachqal`alik Anna Makarova.
Manba: Darakchi.uz
|