Nihoyat qonunchilikka ko`pchilik kutayotgan o`zgarish kiritildi, deb yozadi huquqshunos blogger Xushnudbek Xudoyberdiev. Ya`ni Toshkent shahri va viloyatida doimiy propiskasi mavjud bo`lmagan shaxslar ham uy sotib olish hamda buning evaziga doimiy propiska olish huquqiga ega bo`ldi.
Buning uchun yangi qurilgan uylardan bahosi kamida eng kam oylik ish haqining 2500 baravari miqdorida uy sotib olish kerak. Bu bugungi hisob bo`yicha 374 mln. 437 ming 500 so`m bo`ladi.
Bundan tashqari shartnomaning 5%i miqdorida davlatga to`lanadigan boj ham bor. Bu kamida 18 mln. 721 ming so`m bo`ladi.
Bundan kelib chiqadiki, Toshkent propiskasiga kirish uchun kamida 393 mln. 159 ming so`m pulingiz bo`lishi kerak. Shunda ham uy sotib olasiz, ham propiskaga kirasiz.
Yangi qurilgan uy deganda foydalanishga topshirilganiga kamida 3 yil to`lmagan uy tushuniladi. Propiskaga kirish uchun Toshkent shahar hokimligining uy foydalanishga topshirilganiga 3 yil to`lmaganligi haqidagi maxsus ma`lumotnomasi ham kerak bo`ladi.
Agar mabodo kimdir yangi uylardan birini sotib olib, uni 3 yil ichida boshqaga sotmoqchi, alishtirmoqchi yoki hadya qilmoqchi bo`lsa, unda notariusdan rasmiylashtirish uchun eng kam oylik ish haqining 400 baravarini to`lashi kerak. Bu bugungi kunda 59 mln. 910 ming so`m degani. Xuddi yangi mashinani 1 yil ichida sotish qimmatligi kabi, yangi uyni 3 yil ichida sotish ham qimmatga tushadi.
Manba: Darakchi.uz
|