Oʻzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasiga.
Bir xabar tarqaldi, Yarim tun edi,
Goʻyo gʻam seliga botdim, yoʻqoldim.
Kimdir yoʻlboshchidan ayrildik dedi,
Men-chi, aziz doʻstdan ayrilib qoldim.
Kimning xayoliga kelmishdir axir,
Birdan qulab tushsa buyuk bir chinor.
Alam boʻgʻzimizda achchiq va taxir,
Bu gʻamning na cheki — chegarasi bor.
Ketdi nogahonda aytmay biror soʻz,
Hijron oloviga barchani tashlab.
Oʻzbek osmonida soʻndi choʻng yulduz,
Katta-yu kichikning koʻzini yoshlab.
Biz — noqis bandalar, oʻylamay goho,
Boshimiz silagan qoʻlni tishladik.
Yuz yillab teskari aylandi dunyo,
Oʻz emas, oʻzgalar uchun ishladik.
Biz — ojiz bandalar, anglamay turib,
Birovning zabonin sanadik afzal.
Shu yurt daholarin bilib va koʻrib,
Begona zotlarga yasadik haykal.
Bosqin tepamizda turar edi zil,
Uni tag-tubidan buzmoq shart edi.
Asriy vayronaning oʻrnida dadil,
Yangicha mamlakat tuzmoq shart edi.
Foniy bu dunyoning baland-pastiga,
Teran nazar tashlab oʻtdi bu Inson.
Millat qadri deya yashab aslida,
Xalqining dardiga boʻloldi darmon.
Bugun judolik bor gar qalbimizda,
Lekin gʻurur yashar havas qilgulik.
Abadiyat oʻsdi koʻz oldimizda,
Shundoq yonimizdan oʻtdi Mangulik.
SHERLAR.NET