Hamroh edi yo’limda bog’-u,
Osmon uzra sochilgan yo’gdu.
Adashtirib nurafshon yo’ldan,
Yoshligimni yo’q qilding, og’u ...
Burib ketdi do’stlar yuzini,
Tutqich bermay qo’ydi izini.
Bulut bo’lib, berkitding mendan
Meni suygan oyning qizini.
Otam ko’zin yoshlading, zahar,
Onam ko’zin yoshlading, zahar.
Mening nomim qo’yib o’rtaga
Qandoq o’yin boshlading, zahar?
Jonsizgina soyaman, xolos,
Giyoh o’smas qoyaman, xolos.
Suyamaydi endi yelkalar,
Yuray, desam toyaman, xolos.
Naf bermasam elga, chamanga,
Qandoq o’g’il bo’ldim Vatanga!
Qo’llarimdan qo’llaringni tort,
Ket, zimiston qora ko’changga.
Hayotimdan sug’urib qo’ydim,
Izlaringni supurib qo’ydim.
Erta-yu kech qora qor yog’gan
Bahoringga tupurib qo’ydim.
SHERLAR.NET