Bir kishi xotini yaxshi eshitmay qolayotganidan tashvishga tushibdi. U xotiniga eshitish uskunasi olib berishga qaror qilibdi. Xotiniga bu haqda qanday aytishni bilmabdi va dastlab buni muhokama qilish uchun shifokorga boribdi.
Shifokor unga uy sharoitida oddiy sinov o‘tkazishni, keyin tashxis qo‘yishi mumkinligini aytibdi. Va sinovni qanday o‘tkazishni tushuntiribdi.
— Xotiningizga 12 metr masofadan biror savol berib ko‘ring. Agar savolingizga javob bermasa, yaqinroq borib savolingizni takrorlang, masofa 9 metr bo‘lsin. Agar yana javob qaytarmasa, 6 metr masofadan savolingizni takrorlang, keyin 3 metrdan. Xullas, u savolingizga javob bermaguncha yaqinlashavering. Shunda uning qulog‘i qanchalik og‘ir ekanligini aniqlab olamiz.
O’sha oqshom xotin oshxonada ovqat tayyorlayotgan, er esa o‘z xonasida ishlayotgan ekan. Er ichida o‘ylabdi: “Hozir undan taxminan 12 metr uzoqdaman. Shifokor maslahatini bajarishning ayni vaqti”.
— Azizam, nima ovqat qilyapsan?
Hech qanday javob bo‘lmabdi. Er yo‘lakka chiqibdi va savolini takrorlabdi.
— Go‘zalim, nima ovqat? Yana jimlik. U yanada yaqinroq boribdi. Ular orasidagi masofa olti metr ekan.
— Shirinim, nima ovqat qilyapsan? Lekin hech qanday javob bo‘lmabdi. Er oshxonaga kiribdi.
— Nima ovqat yeymiz? Afsuski, bu safar ham xotini indamabdi. Er xotining yoniga yaqinlashibdi.
— Sevgilim, nima ovqat qilyapsan?
Xotini unga o‘girilib qarabdi.
— Azizim, eshitmayapsizmi, beshinchi marta aytyapman, tovuq!
SHERLAR.NET