Dard yig‘ilib kelsa, qavatma qavat,
Taqdir zarba bersa, aylamay shafqat,
Tanda kuch qolmasa, qolmasa toqat,
Bir gapni qaytaring, qaytaring do‘stim,
Hammasi yaxshilik, yaxshilikkadir!
Orqadan do‘stingiz xanjarin sanchsa,
Pishgan xosilingiz tepkilab yanchsa,
Ishongan insonlar, turtkilab qochsa,
Bir gapni qaytaring, qaytaring do‘stim,
Hammasi yaxshilik, yaxshilikkadir!
Omad gohi kulib, gohi kulmasa,
Yaxshilik qilsangiz, birov bilmasa,
Boshingiz changallab, sochni yulmasdan,
Bir gapni qaytaring, qaytaring do‘stim,
Hammasi yaxshilik, yaxshilikkadir!
Bahorda bog‘ingiz, gullamay qolsa,
Yozda oftob sizga, nur sochmay qolsa,
Qishda qora bulut, arimay qolsa,
Bir gapni qaytaring, qaytaring do‘stim,
Hammasi yaxshilik, yaxshilikkadir!
Quvonchu shodlik ham, o‘tkinchi bunda,
Tun o‘rnini quyosh, olar har kunda,
Qiynalib, qiynalib, ketsangiz shunda,
Bir gapni qaytaring, qaytaring do‘stim,
Hammasi yaxshilik, yaxshilikkadir!
Oyning yarmi yorug‘, yarmi zimiston,
Qurigan bog‘ bir kun, bo‘ladi bo‘ston,
Dardingiz xammaga, qilmay dasturxon,
Bir gapni qaytaring, qaytaring do‘stim,
Hammasi yaxshilik, yaxshilikkadir!
Har neda bir hikmat! Aytgan donolar,
Sabr qilsa oltin, kelar tillolar,
Tangriga yolvorib, qilib duolar
Bir gapni qaytaring, qaytaring do‘stim
Xammasi yaxshilik, yaxshilikkadir!
SHERLAR.NET