Hayotning fazilatlaridan biri shundaki, kimgadir, nimagadir, intilib yashaymiz. Bu intilishlarda ilk orzular, ilk qadamlar va ayniqsa ilk yutuqlar bizni nihoyatda o‘ziga jozibali bog‘lab oladi.
Erkak kishiga shunday ilk jozibali tayanch nuqtalardan biri uning sevikli yorining uyalib, chirmanib ibo iffatini yorib, «…bo‘yimda borga o‘xshaydi…», degan so‘zlari bo‘lsa kerak.
Erkakning bu kutilmagan xushxabardan entikishi, «…endi og‘ir narsalarni ko‘tarmang…», degan so‘zlaridan boshlanib bo‘lg‘usi farzandga munosabati bilinadi. U xayol og‘ushiga cho‘madi va ko‘z oldiga o‘g‘ilcha yoki qizaloqni keltiradi. Bo‘lg‘usi ona ikkalasi shirin xayollarga beriladilar. Mana shu ilk orzumand xayollardan bo‘lg‘usi farzandga muhabbat tuyg‘usi boshlanadi. Er-xotin o‘rtasidagi har bir suhbat davomida bu tuyg‘u chuqurlashib, kenggayib, aniq shakl-shamoyillarga kirib boradi. Xalq o‘rtasida ko‘pchilikka ma’lum bir naql yuradi. Deydilarki, bir kishi bir donishmandning oldiga kelib, «Ey donishmand, kecha men o‘g‘illi bo‘ldim, aytingchi tarbiyani qachon va nimadan boshlayin».
Shunda u donishmand deydiki, tarbiyani bir yil oldin, bo‘lg‘usi farzand onasiga muhabbat ko‘rsatishdan boshlash kerak edi, attang kechikibsiz.
Bobolarimiz ruhiyatga katta e’tibor berishlarini ko‘rsatuvchi xalq o‘rtasida yurgan bu naqlning mag‘zi hozirgi zamon ruhshunosligi tili bilan aytganda shuni anglatadiki, farzandni sevish, unga shaxsiy munosabatni ko‘rsatish, uning onasini sevishdan, bo‘lg‘usi onani issiq-sovuqdan ehtiyot qilishdan boshlanadi. Bu borada ayniqsa onalarning homilador paytlari juda katta ruhiy ahamiyatga ega. Homilador ayol jismi-jonida kechayotgan jiddiy o‘zgarishlar bo‘lg‘usi farzandning hayotiga ham nihoyatda aloqador bo‘ladi. Shuning uchun bo‘lg‘usi farzand, xalq tili bilan aytganda, o‘ziga kerak narsani onasi tili bilan ayttiradi. Ha, aynan mana shuning uchun homilador ayollarning biri qahraton qishda anor so‘rasa, boshqasi saratonning issig‘ida faqat bahorda bo‘ladigan qo‘ziqorinni tilab qoladi.
Bunday holatdagi ayollarni odatda «boshi qorong‘i bo‘lipti yoki jerik bo‘lipti» va boshqa iboralar bilan atashadi. Ularning ahvolini va uning bo‘lg‘usi farzandga naqadar aloqadorligini hisob olib, bunday paytlarda erlar faqat ayolning tinchini ko‘zlab emas, balki asosan bo‘lg‘usi farzand uchun ham, uning sog‘ligi va tugal tug‘ilishi uchun tashvish chekayotganliklarini unutmaslik kerak,
Ayol homilador paytida er-xotinning bo‘lg‘usi farzandlari haqidagi orzuli suhbatlari go‘dakning mana shu oilaga naqadar suyukli va kutilgan inson ekanligini aniqlab boradi. Shuning uchun ayol bo‘lg‘usi farzand haqida iliq, orzumand so‘zlar aytsa, go‘dakga qimtinib jajji ko‘ylakchalar tiksa, er ulardan kattalar oldida ko‘zini olib qochsa, bo‘lg‘usi farzandga kimda qanday munosabat namoyon bo‘lishi aniq.
Shu jihatlarni hisobga olgan holda, erkakni oilada farzand ko‘rishga tayyorlash uchun, agar u birinchi farzand ko‘rayotgan bo‘lsa, albatta, qolaversa, navbatdagi farzand bo‘lgan taqdirda ham, onalar o‘zlarining bo‘lg‘usi farzandlari haqida, o‘z orzulari yo‘nalishida erlari bilan ko‘proq o‘rtoqlashib, ularning otalik ruhlarini sayqallab borishlari maqsadga muvofiq bo‘ladi. Chunki, erkaklar ruhiyati tabiatan o‘zgacha bo‘lib, ular ayollarning homiladorlik holatini ko‘p ham tushunavermaydi.
Bo‘lg‘usi otada farzandga ko‘nikma oila muhiti bilan ko‘proq bog‘liq bo‘lsa, unga muhabbat asosan ayolning shirin, orzuli suhbatlari bilan bevosita bog‘liqdir va shu bilan shakllanib boradi.
Yaqinda tug‘ruqxona yonidan o‘tayotib ikki manzaraning guvohi bo‘ldim. Tasodifi shunda ediki, ikki yigit kiyim boshlari bir-biridan o‘zib tushar emas, yoshlari ham bir ikki yosh farq qilmasa, tengqur yigitlar, o‘z rafiqalarini yangi farzandlari bilan kutmoqda edi. Ikkalasining ham yonida uch-to‘rt yoshlardagi o‘g‘ilchasi, ikkalasini ham tashqarida mashinasi kutib turipti.
Mana, hamshiralar go‘daklarni ko‘tarishib chiqib keldi. quvonch, salom-aliklar, tabrik va bunday hollarda bo‘ladigan odatiy gap va manzara. Shu yerdagi gaplardan ilg‘ab oldimki, yangi tug‘ilgan insonlarning ikkalasi ham o‘g‘il bola. Demak, bunday qaraganda hamma tomon teng. Ammo mening e’tiborimni tortgan narsa boshqa bo‘ldi.
Yigitlarning biri hamshira ko‘ringandan, «qani, qani bizning polvon katta bo‘lib qoliptiku», deya go‘dakni qo‘liga oldi. Hamshira yo‘rgakning uchini qiya ochishi bilan u shunday quvonch izhor qildiki, atrof yorishib ketganday bo‘ldi. Oddiy qilib aytganda, otaning og‘zi qulog‘ida. U butun jahonni unutib go‘dak bilan suhbatlashmoqda edi. Yonida turgan o‘g‘ilchasi «ukamni ko‘rsating, ukamni ko‘rsating», deya dadasining etagidan tortar, umuman oilaviy suhbat qizib ketgan edi.
Ikkinchi yigitning yonidagi bolakay onasiga otildi, yigit o‘zini sust ushlaganini sezgan hamshira go‘dakni onasining qo‘liga tutqazdi. Ona esa qo‘lidagi sumkani eriga uzatdi.
Men kuzatgan manzara shu. Voqeaning davomini bizning har birimiz bemalol qancha kerak bo‘lsa, shuncha bo‘rttirib aytib berishimiz mumkin.
Birinchi yigitning yonidagi o‘g‘ilchasi onasini kutish paytida tinmay dadasi bilan suhbatlashar, tinmay nimalarnidir so‘rar, nimalarnidir aytib berar, dadasi ham u bilan erinmay gaplashib turar edi.
Ikkinchi yigitning yonidagi o‘g‘ilchasi jimgina, qo‘lidagi qandaydir o‘yinchoqni o‘ynab jovdirab o‘rtog‘iga qarab qo‘yar edi. Ota-bola jiddiy holda har kim o‘zicha nimanidir kutmoqda edi.
Bu bilan biz kuzatgan oilalarda bolalarga mehr-muhabbat kam yoki ortiq demoqchi emasmiz. Ularning oilalari bilan yaqindan tanishmasdan biror xulosa chiqarish qiyin. Ammo biz ota yoki onaning bola bilan muloqoti ularga bo‘lgan mehr-muhabbati, sevgisining yorqin namoyoni ekanini aytmoqchimiz, xolos.
Mahmud Yo‘ldoshev,
psixologiya fanlari nomzodi
Manba: tafsilot.uz
Muallif haqida ikki og‘iz:
Mahmud Yo‘ldoshev 1945 yilda Jizzax viloyatining G’allaorol tumanidagi A’lamli qishlog‘ida tug‘ilgan. 1966—1971-yillarda Moskva davlat pedagogika institutida tahsil olgan. “Xotirada saqlash usullari”, “Rahbarlik psixologiyasida axloq”, “Tasviriy targ‘ibot usullari”, singari psixologiya, “Oilada ruhiy muhit va uning tarbiyaga ta’siri”, “Tarbiya tasvirlari”, “Jajji daholar tarbiyasi” kabi pedagogika, bolalar tarbiyasiga oid o‘n sakkizdan ortiq kitoblarning muallifi.
P.S: ushbu ruknda e’lon qilinayotgan materiallar amaldagi qonunhujjatlariga muvofiq himoyalangan. Uni saytlar, elektron va bosma ommaviy axborot vositalarida chop etish yoki boshqa yo‘sinda foydalanishuchun muallifning roziligini olish talab etiladi.
SHERLAR.NET