O`ziga to`q oilaning yolg`iz qiz farzandi edim. Dadamning tijorat ishlari yaxshi, shu sababli onamning ishlashiga hojat yo`q edi (dadam shunday hisoblardilar). Hech kimdan kam qilmay o`stirdilar, tarbiya berdilar. Sportga ham qatnashtirib, sog`lom ulg`aytirdilar. O`rta ta`lim muassasasini tamomlab, nufuzli universitetlarning biriga, hujjat topshirib, imtihondan o`tdim. Shartnoma asosida o`qishga qabul qilindim. A`lo baholarga o`qib ta`lim ola boshladim...
Bir kuni uyimizga men tanimaydigan, avvallari umuman ko`rmagan dadamning do`sti keldi. Ular juda uzoq vaqt bahslashdilar. Murosaga kelishdi chog`i jimib qolishdi. U odam ketdi. Biz dadamning ishlariga umuman aralashmasdik. Onam doim "bizni boqayaptimi tamom, shuning o`zi etarli. Qaerdan pul topishni o`zi hal qiladi" — derdilar.
Dadam ertasiga ishdan kelib zudlik bilan uyni bo`shatib qo`yishimiz kerakligini buyurdilar. Savol berishga haddim sig`may, buyruqlarini so`zsiz bajarishga kirishib ketdim. Onam esa shunday g`azablanardilarki, dadam bilan bir soatlarcha qattiq janjallashishdi. Ko`z yoshlarim bo`g`zimga kelgan, nima bo`layotganligiga aqlim etmasdi. Dadam miq etmadilar. Boshlarini changallab quyi solgan bo`yi o`tiraverdilar. Onam esa tinimsiz yig`lar, goh baqirib, goh pichirlab dadamni koyirdilar. Uyimizdan qimmatbaho tilla taqinchoqlar, kiyim-kechaklar va shaxsiy buyumlarimiznigina joylab faqatgina olti chemodon narsa oldik xolos. Uy jihozlarini olishga dadam ruxsat bermadilar.
Shu kuniyoq shaharning chetroq qismida joylashgan bir hovliga ijaraga ko`chib o`tdik. Dadam ortiqcha so`z gapirmas, onam ham koyiyverib ancha holdan toygan edilar. Shu zaylda kunlar kunga ulanib boraverdi. O`sha notanish kishi uyimizga kelgan kundan buyon barcha narsani yo`qotdik. Uy-joy, mol-davlat... Hattoki dadam tijorat yuritishdan ham mahrum bo`ldilar. Dadam, o`sha begona kishidan katta miqdorda qarz olib uyimizni garovga qo`ygan ekanlar, foizi ortib ketib to`lay olmabdilar.
Doim badavlat bo`lib yashagan inson bunday judolikni ko`tara olmas ekan. Yuraklari xuruj qilib, falaj bo`lib qoldilar. Onam har kuni dod-voy solib dadamni siltardilar. Ro`zg`or qilish yuki mening zimmamga yuklatildi. Talabalik stipendiyamni ancha vaqtdan beri yig`ib qo`yganim uchun avvaliga qiynalmadim. Dori-darmonlar va ijara haqqi uchun esa qimmatbaho taqinchoqlarimizni birin-ketin sota boshladik.
Dadamning dardlari o`zlariga etarli. Men esa o`qiyman. Xullas, onam hech qaerda o`qimaganlari uchun ish topa olmadilar. Mahalladagi ayollardan biri ularga qaerga borib yordam so`rash kerakligini uqtiribdi. Shu kuniyoq onam o`sha xonadonga ketdilar. Allamahalgacha kutdim. Tun yarimlab qolganda onam xush kayfiyat bilan kirib kelib, qo`llaridagi xaltadan anvoyi eguliklarni olib, birin-ketin dasturxonga qo`ydilar.
Savol berishga ham ulgurmadim. Xursandchilikdan bo`lgan voqeani gapirib berishga tushdilar, "Qo`shni ayol aytgan manzilga bordim. Ichkaridan o`zimni tanishtirishimni so`rashdi. Qo`shni ayol tayinlagan gaplarni aytdim. Darvoza eshigi ochilib, meni bir ayol ochiq chehra bilan ichkariga taklif qildi. Oilamiz haqida so`rab surishtirdi, barchasini gapirib berdim. Tushungan ayol ekan, o`zini Dilorom deb tanishtirdi. Meni hech qanday gap-so`zsiz ishga qabul qildi. Menga o`sha xonadon bekasi o`ziga yordamchi bo`lishimni tayinladi.
Bugundan ish boshlashim mumkinligini aytdi. Qiladigan yumushim juda engil bo`lib, xonadonga keluvchi mehmonlarga hech qanday savollarsiz choy tashish edi. Uyga qaytadigan vaqtimda bir dasta pul va eguliklar solingan xaltani "avans" deya qo`limga tutqazib yubordi", — deya so`zlarini tamomlab, dadam yotgan xonaga kirib ketdilar.
Men ancha engil tortdim. Onamning kayfiyatlari joyida, dadamga ham bugun o`shqirmadilar, xayriyat. Yaxshi kunlarimiz qaytayotgandek tuyuldi go`yo"…
Oradan ikki kun o`tmasdan dadamni nogironlar uyiga joylashtirdik. Bunga o`sha onamni ishga olgan xonadondagilar yordam berishdi. Onam ishga tushganlariga ko`p bo`lmagan bo`lsa-da, dadam qarovsiz qolib ketayotgandilar. Men ham yil yakuniy imtihonlarga tayyorgarlik ko`rib o`qishdan kech qaytardim. Dam olish kuni Diloram opa meni ham onam bilan birga borishimni so`rabdi. Birga bordim, ularni hech birini tanimaganim uchun oshxonadan chiqmadim. Ularnikiga juda ham ko`p ayollar, qizlar ta`lim olgani kelisharkan, men buni o`sha kuniyoq bilib oldim.
Men zamonaviy kiyinib olgandim, keluvchilar meni ko`rib qolishsa g`alati qarab bir nimalar deya pichirlab o`tishardi. Kech tushib hamma tarqagach, biz ham uyga qaytishga tayyorgarlik ko`rayotganimizda, Dilorom opa:
— Qizingizni doim birga olib kelavering. Maoshini ikki barobar qilib beraman. Sizga ham yordamchi bo`ladi. Istasa, bizning jamoatga qo`shilib ta`lim olishi mumkin, faqat iltimos mana bu ust-boshini almashtirib, huddi bizlardek kiyinib olsin. Ko`cha-kuyda bunday yurish gunohi-azim. Men sizga diniy kitoblarimizdan beraman o`qib ozgina bo`lsa ham tushunchaga ega bo`linglar. Sizlardek go`zal ayollarimiz muslima bo`lmoqliklari kerak, — deb bizga kiyimlar, kitoblar bir qancha pul ham berdi. Ancha kech bo`lib qolgani uchun bizni uygacha mashinada Dilorom opaning ukalari Rashid aka eltib qo`ydi.
Qiziquvchanlik kuchlilik qilib tong otishini ham kutmasdan kitobga ko`z yugurtirib chiqdim. Diniy kitob ekan. Bu haqda avval tushunchaga ega bo`lmaganim uchun, menga qiziq tuyuldi. Muqaddimani o`qib "Jannatga yo`l" olish uchun jamoatga qo`shilib amirlar aytgan ishni qilish kerakligi yozilganiga ko`zim tushdi. Yaxshilab tanishib chiqmoqchi bo`ldim. O`qir ekanman negadir bu erda yozilgan narsalar biz yashayotgan hayotdan tubdan farq qilishini angladim. Kitobdagi bitiklar qo`rqinchlidek tuyuldi menga. Ushbu kitobda "qizlar balog`atga etgan zaxotiyoq nikohga berish kerakligi, ayollar esa ersiz yurmasliklari, "noshar`iy" taomlari iste`mol qilmaslik, kofirlarni qirib tashlash, bu erda o`qigan narsalariga amal qilib, boshqalarni ham shunga da`vat qilish" ta`kidlangandi.
Bu narsalar shunchalik chuqur yoritib berilgandiki, shu va shunga o`xshash so`zlar bilan fikrni zaharlaydigan darajaga etaklardi. O`sha damda bularni anglab etmagan ekanman. Aksincha, men din uchun o`z jonini fido qilib, "shahid" bo`lib, "Jannatga yo`l" olishni xayoldan o`tgazgan edim. Diniy ma`lumotlar darsini endilikda Dilorom opaning uyida yotib qolgan holda ola boshladim. Bu damda men "hijob" kiya boshlagandim. Endi o`ylasam, o`zim bilmagan holda tagi puch g`oyalarga ergashib, chuqurlashib ketgan ekanman. O`ziga yarasha, zamonaviy hayot kechiradigan qizdan, allaqanday diniy libosga o`rangan, “muslima”ga aylanib qolganimni sezmay qolibman.
Universitetimdagi darslarni ko`p qoldirganim uchun meni o`qishdan chetlatishdi. Onamni esa Rashid aka o`z qaramog`iga oldi. Ular "shar`iy" nikohdan o`tishdi. Bunga qarshilik qilmadim. Chunki men o`qiyotgan kitoblarda ayolning ersiz yurishi qat`iyan man qilinib, albatta, kimningdir nikohida bo`lish lozimligi yozilgandi. Rashid aka onamni olib boshqa bir davlatga o`z safdoshlarimizni kengaytirish uchun "jihod" qilgani ketishdi. Ularni qaytib ko`rmasligim mumkin edi. Bu xonadondagi barcha ayollar shunday qilishardi. Hattoki, birga yashab turgan turmush o`rtoqlari bu erga kelib dars olmasalar, boshqa bir erkak bilan nikohlanib "jihod"ga chiqishardi.
Bu xonadonga kelganimga bir yilcha vaqt bo`lgandi. Dilorom opa meni xuddi o`z qizidek tarbiya qilib, qo`limni so`raganlarning hech biriga bermasdi. "Bunga hali vaqt bor" — deb qo`yardi. Mening sport bilan shug`ullanganim Dilorom opaga juda ma`qul kelgandi. U bundan xursand bo`lib, menga mos turmush o`rtoq tanlab qo`yganini aytdi. Dilorom opaning oldiga tez-tez kelib turuvchi Yodgor ismli yigitga meni nikohlab qo`yish rejalashtirilgan ekan.
Biz tengdosh edik. Bizning "shar`iy" nikohimizni ham tezda o`qib qo`yishdi. Hech qanday to`ysiz, xursandchiliksiz kelin bo`ldim. Endilikda biz "jihod" qilishlik uchun birga tayyorgarlik ko`ra boshladik. Yodgor ham mendek o`qishdan haydalgan, ammo aqlli yigit edi. Bir nechta tilni yaxshi bilar, bu esa bizga "jihod" qilib musulmonlarni safini kengaytirishda juda katta asqotardi. Amirimiz buyurganlaridek biz, chamasi ikki oylardan keyin tunda yo`lga otlandik. Qandaydir yo`llar bilan uch kun deganda aylanma yo`llar orqali chegaradan o`tib ketdik. Aytilgan manzilda bizni kutib olishdi.
Sardorlar bilan ma`lumot almashdik. Bizni endilikda qurol bilan ishlashga o`rgatishni aytib o`tishdi. Yodgorga meni "taloq qilishi” lozimligini, "amir" meni so`rayotganini tayinlashdi. Yodgor qattiq qarshilik qildi. Men shu damda ichimdagi tuyg`ularim isyoniga chiday olmay, bor ovozim bilan ularga baqira ketdim. Orqamdan kimdir meni boshimga urib hushimdan ketkazdi. O`zimga kelganimda menga endi ozod ekanimni erim "taloq" berib o`zi jo`nab ketganini bildirishdi.
Shu damda men o`z erimdan nafratlana boshladim, hammasini o`ylab olishimga sabab bo`ldi bu voqea.
Aslida men xatoni o`sha ilk bor Dilorom opaning xonadoniga borgan kunimda qilganimni tushunib etdim. Yig`lagan kuyi bir haftalar chamasi xonadan chiqmadim. Ko`nglim aynib o`zimni behol seza boshladim.
O`sha erdagi ayollardan biriga buni aytgan zaxotim, tomir urishimni tekshirib, o`rnidan sakrab turib, lablarini tishlab u yoqda-bu yoqqa yura ketdi. Menga homilador ekanimni aytganida, nafas olishni unutayozdim. Miyamga bir fikr yalt etib keldi. Haligi ayolga buni hech kimga aytmasligini iltimos qilib homilani yo`qotishga yordam berishini so`radim.
Aslida bunday qilish niyatim yo`q edi. Shunchaki bu ayolga ishonib bo`lmasligini bilib, chalg`itish edi niyatim. Oqshom payti ayol menga qandaydir damlama tayyorlab keltirdi, "mana ichib ol, homilang tonggacha tushadi, ammo bu og`riqli bo`lishi mumkin, chida" — deya qo`limga tutqazib chiqib ketti. Men esa o`ylaganlarimni amalga oshirish payiga tushdim. Damlamani to`kib, bir oz vaqt o`tib xuddi uni ichgandek bukchayib olib dod solib baqirib yig`ladim. Buni aniqki, hamma eshitdi. Eshik tagida qoravullik qilayotgan ayol hech kimni ichkariga kiritmadi. Ayol hammasi soxta ekanini bilmagan.
"Bechora azob chekayapdi, uni tinch qo`yinglar. O`ziga kelib olsin" — dedi. Tong yorishdi. Endi, hatto menga yuklatilgan jirkanch buyruqlarni o`ylamasdim ham. Bu erdan sog`-omon qochish rejasini tuzdim. Buning uchun "amirga" emas aksincha, bizni kutib olgan lashkarboshi "sardorga" turmushga chiqish kerak edi. U meni bu erdan uzoqqa yuborishi tabiiy edi. Sababi, agar "amir" buni bilsa uni ham yo`qotib yuborishi hech gap emasdi. Buning uchun "sardorni" xonaga kirishini kutdim.
"Sardor" kelgan zahoti uni bag`riga o`zimni otdim.
— Sardorim, iltimos, meni "amir”ga bermang. Men birinchi kelgan kunimdayoq sizni yoqtirib qolganman. Meni o`z nikohingizga oling. Dilorom opa ham sizni doim maqtardilar, sizni yoningizga kelish uchun ancha vaqt kutdim. Bizning shahardagi "amirimiz" o`rni bo`sh, sizni o`sha erga borishingizni tayinlagandilar. Lashkarboshilikdan "amirlikka" o`tishingiz uchun bu eng qulay vaziyat", — dedim yalingan kuyi.
"Sardor" hoziroq bizni nikohlash uchun do`stini chaqirib kelishini aytib chiqib ketdi. "Olloh mening nolamini eshitdi", xitob qildim. Besh daqiqa o`tib "Sardor" bir ayolni nikohga tayyorgarlik ko`rish uchun menga yordamga yuboribdi. Yuvintirib, kiyimlarimni almashtirib yuzimni butunlay yopib qo`ydi. Yarim soatlar chamasi eshikdan ikki erkak bilan "sardor" kirib keldi. Ayol meni yonimga o`tirdi, boshimdan katta ro`mol tashlab yuzimni butunlay yopib qo`ydi. "Shar`iy" nikoh o`qib bo`lindi. Biz ikkimizni xonada qoldirib, ular chiqib ketishdi. Xona qorong`u edi. Tong yorishgandagina yana bir xato qilganimni angladim. Yonimda "sardor” o`rniga boshqa badbashara kishi yotardi. Xona eshigi taqillab, ichkariga "sardor" kirdi. "Amirni uyg`otib yuborishimni so`radi. O`z to`rimga o`zim ilinganimni bilganimda kech edi. O`zimni taqdir hukmiga topshirishdan boshqa iloj qolmagandi. Tushlik vaqti lashkarboshi keldi. "Amir" mendan voz kechganini, "taloq" qilib yuborganini aytdi. Ichimdan nimadir uzilgandek bo`ldi. Xursand bo`lishni xohlasamda negadir xavotirlik voqea ro`y beradigandek dilim xira bo`ldi.
Bekorga xavotirlanmagan ekanman. Meni yana boshqa bir kishiga nikohlashdi. Bu hol har kuni takrorlanardi. Qo`ldan-qo`lga o`tkazib "sardor"ga qilgan taklifim uchun meni qattiq jazolashdi. Men ichimdagi farzandimdan xavotirda edim. Ularga bo`ysunishdan boshqa ilojim qolmagandi.
Endilikda bizni boshqa joyga ko`chirishdi. Har kuni turli diniy mavzularda ma`ruzalar tashkil etilardi. Bir kuni tushlik vaqti edi. Hamma ovqatlanish bilan ovora, birovning birov bilan ishi yo`q. Qulay vaziyatdan foydalanib, bir amallab u erdan qochib ketishga erishdim.
Yo`lda bir saxiy insonni uchratib, uning ko`magi bilan ikki kun deganda shahar markaziga etib keldim. O`sha mamlakatdagi O`zbekiston elchixonasiga borib hamma boshdan kechirganlarimni aytib ulardan yordam so`radim. Yaxshiyamki, ular meni to`g`ri tushunishdi va mamlakatimizga qaytarib yubordi.
Vatanga kelganimdan so`ng huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlariga ko`rgan-kechirganlarim haqida batafsil bayon qildim. O`zbekistonda odillik, insonparvarlik tamoyillari yuqori ekanligidan kelib chiqib, davlatimiz meni kechirdi. Lekin bir umr vijdon azobida o`tsam kerak! Men hozir shunday afsusdamanki, buni shunchaki qog`ozga tushira olmayman!
Farzandim mana shunday tinch-osuda diyorda dunyoga kelgani menga taskin beradi. Unga Umid deya ism qo`ydim. O`z yurtimda ekanimdan, farzandim borligidan mamnunman. Va bu meni yashashga undaydi!
Shukriya
SHERLAR.NET