Salom otajon… Bugun ushbu qutlug‘ kunda Sizga maktub yo‘llamoqchiman. Men oyijonim bilan birgalikda Qorboboga har yangi yil oldi juda ko‘p xatlar yozganmiz. Lekin Sizga endi birinchi marotaba maktub yozishim… Yaqinda birinchi sinfga qadam qo‘ydim. Mustaqil tarzda bemalol yoza olaman. Qorboboku bizdan juda olisda, lekin Siz biz bilan bir shaxarda yashaysiz. Ammo rishtalarimiz olis. Yaqindagi olisim otam…
Bugun men bilan oyijonimning hayotida Sizga xat yozishga undagan katta voqe’lik bo‘ldi. Qo‘limda oppoq atirgullardan yasalgan guldastani ushlab yurtimizning eng chiroyli, televizorlarda doim ko‘rsatadigan muhtasham bino — anjumanlar saroyida o‘tiribman. Yonimda onaizorim. Negadir hayajondanmi, qo‘llari titroqda, ko‘zlari o‘ychan. Huddi hamma biz tomonga qarayotgandek yuragim tez-tez ura boshladi, volidam hayajoni mening qalbimga ham ko‘chgandek go‘yo…
Atrofimizdagi insonlarni barchasi rasmiy libosda men ham xuddi ulardek kiyinib olganman. Erta tongda galstugimni taqib qo‘yayotgan onam «Voy meni hammadan chiroyli, aqlli bolam» — deya kulib erkalatib qo‘ydilar.
Mana bayram ham boshlandi. Biz har tong qulog‘imizga tanish ohang — yurt madhiyasi bilan boshlangan tantana…
Bayramning hayajonli onlari, Vatan taraqqiyoti, el-yurt farovonligi yo‘lida xizmat qilgan insonlar qatorida onajonimning ham ism, familiyalari o‘qib eshittirildi.
Fazliddinova Mohidil Komiljonovna!
Bilasizmi beihtiyor o‘rnimdan turib ketdim… Mehribonim sahnada turibdilar, ularning ko‘ksiga qadalgan yulduzga tushgan sahna chiroqlari go‘yo onam ikkimizni hayotimizni nurga to‘ldirgandek bo‘ldi. Munisginam o‘zlariga berilgan ushbu mukofot uchun minnatdorchilik bildirib, shu Vatan ularni o‘qitib ziyoli qilganligini, shu Yurt xizmatiga doim tayyor ekanligini, Vatanga xizmat etish ular uchun oliy saodat ekanligini aytib ta’zim qilganlarida ularning ko‘zidan sevinch yoshlari oqardi.
Men ularni tabriklash uchun sahnaga birma-bir qadam qo‘yar ekanman, tomog‘imga nimadir tiqilib, ko‘zlarimga yosh kela boshladi. Yo‘q, men yig‘lamasligim kerak! Axir onam aytadilarku erkishi yig‘lamaydi deb, men ularning yagona tayanchi, suyanchi, katta bolamanku!
Onamga yaqinlashar ekanman, hozir ularga gulni berib katta odamlardek yuzlaridan o‘pib tabriklab qo‘yaman deb yaqinlashdimu, qandaydir ichki kuch qalbimda urib turgan mehr ila gulni berib, ularning bag‘riga otildim.
Men yig‘lardim, o‘zimni to‘xtata olmay yig‘lardim… Nima qilay ko‘z yoshlarim meni gapimga kirmayaptida! Onajonim, rahmat Sizga deya qulog‘lariga shivirladim. Shunda zalda yangragan olqishlar sadosidan o‘zimga keldimu, onam bilan birga sahnadan tushar ekanman, hamon olqishlar jarangi tinmasdi….
Men O’zbekistonning mehnatidan baxt yaratgan, ayolning baxtiyor farzandi edim. Bu baxtiyorlik, havasni onam ikkimizga qaratilgan minglab nigohlardan angladim. Exee bizni suratga olayotganlarni aytmaysizmi. Onam esa chiroyli tabassum bilan yurib borar edi. Mengina, faqat mengina mana shu tabassum ortida qancha chekilgan azob, qanchalar mashaqqat Sabr va ba’zi er yigitlarda ham uchramaydigan qa’tiyat va Iroda borligini anglab turardim. Ularning yuzlarida mamnunlik, ko‘zlarida esa baxt porlab turardi…
Tantananing badiiy qismi boshlandi. Har kuni biz oynai jahon orqali ko‘radigan taniqli honandalar sahnada kuylashayotgan paytda Siz bilan bog‘liq hotiralar ko‘z oldimdan o‘ta boshladi. Qanday baxtli oila edik, Siz biz bilan birga qanchalar shod edingiz. O’sha mash’um kun, Xiyonatning chirkin qo‘llari Sizni Bizdan tortib olgunga qadar…
Keyingi xorliklar, onaizorimni ochiqdan-ochiq xorlanishlariyu, o‘zga bir ayolni deb taxqirlanishlari… Qay birini aytay… Mehribonginam esa oila deb atalmish qo‘rg‘onimizni asrashga bo‘lgan urinishlari, ko‘zyoshlari…
G’ururidan kechib ham o‘sha Xiyonatni kechirganligi, balki bu kechirishlarining barchasi Men uchun bo‘lgandur…
Axir xech bir ayol, o‘zini chinakam Ona deb hisoblaguvchi farishtalar farzandini otasiz o‘sishini hoxlamaydilarku! Lekin mening borligim ham o‘zingiz aytmoqchi «Meni hech kim, hech narsa to‘xtata olmaydi». Lekin kimdan nimadan men ila onam oldida biz yashayotgan mo‘‘jizadek mamlakat — oilamizni vayron qilishga sizni to‘htata olmaydigan kuchga aylangan o‘sha ayol arzirmidi. Aslo yo‘q! Onam oqila u mehribon, sizni yomonliklar, razolat, hiyonat botqog‘idan to‘htatmoqchi edi xolos.
Men yangi yil ertaklarida chiqadigan yalmog‘iz kampirni haqiqatdan ham yomon ko‘raman. Chunki u sehrli bayramni buzishga, bolalarni shodligidan ayrishga intiladi. Men sizning tanlovingizdan ajablandim. Sababi Nahotki mening otam, yovuzlik timsoli bo‘lgan Yalmog‘iz ayolni Oilamizdan ustun ko‘rgan bo‘lsa-ya…
O’sha kun, Biz eshik ostonasida kamida besh soatlar eshik ochilishini kutdik, ammo… Bu eshik ichkarisida esa, mening kulgum,quvonchim yangragan, uchchalamizning eng yaxshi kunlarimiz shoxidi bo‘lgan uy ichida xonadonimizni fayzsiz, nursiz bo‘lishiga, meni
quvonchimdan ayrishiga, onamning yuziga g‘am soya solishiga sababchi bo‘lgan yalmog‘iz bor ekanligi, bu holni men ko‘zlarim bilan ko‘rishim…
Yomon kunlar edi o‘sha kun… Xatto o‘sha holatni eslashga ham jirkanaman. Eshik qaytadan yopilganida biz uchun nafaqat uyimiz,balki mexringiz eshigini ham tamoman yopganligingizni anglab yetdim. Eh, otajon, men o‘sha farishtalar begona bo‘lgan kunlardan nafratlanaman va ular to‘g‘risida gapirmaganim ma’qulroq. Qishning ayozli kunlarida bizni uydan haydaganingizda, boshpana qidirib sarson-sargardon bo‘lganlarimizchi?
Mana shu kunlar ko‘p narsalarni tushunib yetdim, angladim. Men ulg‘ayib bo‘lgan kichik bolaman. Keyinchalik eshitishimcha ko‘p narsangizni boy beribsiz, bizni ko‘p qidiribsiz… Mol-davlatingiz borida yoningizda bo‘lganlarning barchasi sizni tashlab ketishibdi. Bilasizmi o‘sha yomon kunlar aziyati tufayli Sizga o‘zimni keraksizdek his qildim, ko‘p marotaba onamga «men otamga kerak emasmanmi», deya so‘raganimda ular, Siz bizni juda yaxshi ko‘rishingizni, ishingiz juda ham ko‘payib ketganligini, bir kun albatta kelishingizni aytib, inson xato qilishi va o‘z vaqtida mana shu xatolarni tuzatishga urinishi lozimligini sizning ham mana shu «ayblaringiz» uchun bizni oldimizga kelishga uyalayotganligingizni aytib, menga dalda berardilar.
- bunga ishonardim. Otaning qanchalar ulug‘vor ekanligi, unga doimo hurmat bilan munosabatda bo‘lish shart ekanligini aytardilar… o‘zining sarson bo‘lishiga sababchi bo‘lgan odamga nisbatan qalbida Nafrat o‘ti yonishi kerak bo‘lsada, onam mana shu Nafratni, alamzadalik tuyg‘ularini Mehnatga almashtirgan va bugun mana shu mehnatlarini rohatini ko‘rayotganliklarini bugungi ajoyib kun misolida keltirishim mumkin.
Siz haqingizda ayrim gaplarni gohida eshitib qolaman. Onam ikkimizning hayotimizni chetdan turib kuzatib yashayotganligingizni ham bilaman. Bilasizmi, buni bilasiz, davlatimiz tomonidan berilgan uyga ega bo‘lganimizda onam ikkimizni quvonchimiz butun dunyolarni tutib ketdi. Bularning barchasi onamning bardoshi, halol mehnati, hayotga bo‘lgan umidi,ishonchi orqali, shunday qutlug‘ kunlar bizga nasib etdi.
Ahir har kimning vatani ichra, vatani bo‘lishi naqadar yaxshi… Volidai muhtaramim, nafaqat vatan hizmatiga bel bog‘lagan, balki mening tarbiyam, ta’lim olishim, sog‘lig‘im bularning barchasi uchun jonu jahonini berib mehnat qiladi. Men ularga chiroyli rasmlar chizib beraman, bog‘cha opam bilan birgalikda tayyorlagan otkritkalarni sovg‘a qilaman. Ular juda ham hursand bo‘ladilar. Katta bo‘lsam, ularni shunday ardoqlaymanki… Lekin hech qachon oilamni, tashlab ketmayman, ularni hech kimga alishtirmayman. Kiyimni almashtirish mumkin, kattalarga ham hayronman, farzand, ayol libos emaski uni osongina almashtiradilar.
Qarang qanday chiroyli kuy yangrayapti. VATAN haqida…
Hech kimni baxt o‘z-o‘zidan quchgan emas,
Qush ham ko‘kka mashaqqatsiz uchgan emas.
Oydin tunlar, osoyishta, tiniq tonglar
Oydan tushgan emas, ko‘kdan tushgan emas.
Mevasin yeb, bog‘ini ham so‘rab qo‘ygin,
Kerak bo‘lsa, bog‘ atrofin o‘rab qo‘ygin.
Nihollarning kokillarin tarab qo‘ygin,
Ozodlik ham, obodlik ham o‘zi kelmas,
Oydan tushgan emas, ko‘kdan tushgan emas.
Onam musiqaga hamohang boshlarini tebratib, o‘tiribdilaru, ko‘ngillaridan nelar kechayotgan ekan? Yaxshiyam shu vatan shu diyor bor. Onadek mehribon. Otadek ulug‘…
- vatanda mehnat qilganlar azizu mukarram. Dunyoda eng chiroyli ayol esa mening onajonim… Mening baxtim, borlig‘im, umrim bahori, qalbim tumori….
Tantana nihoyasiga yetdi. Zaldan ko‘chaga chiqqanimda esa….
Qo‘llarida guldasta bilan eshik oldida siniqqina jilmayib, Siz turardingiz… Menimcha maktub yozishimga hojat qolmadi shekilli…
Yo‘q baribir yozaman…
Siz farzandingiz, o‘g‘lingiz sifatida mening qalb kechinmalarimni bilishingiz kerak…
YO’LDOSHEVA MAHFUZA
SHERLAR.NET