"Bir kishiga ziyoratchilari qovun keltirishdi. U yoniga sirdosh-ko‘ngildoshi, sodiq xizmatkori Luqmonni chaqirdi va qovundan bir tilim kesib, uzatdi. Luqmon uni shunday rohat bilan yediki, ko‘rgan odamning ishtahasi ochilib ketishi tabiiy edi.
Uzatilgan ikkinchi tilimni ham xuddi shunday yeganini ko‘rgach, xo‘jayin ham o‘ziga qovun kesdi. Ammo og‘ziga olar-olmas tupurib tashladi, chunki judayam achchiq edi. "Ey Luqmon, – dedi xo‘jayin. – Bunday zaharni qanday qilib bol kabi yeya olding? Bunday qahrni nima sababdan lutf o‘rnida qabul etding? Bu qanday sabr? Kim bilsin, bugungacha qanday azoblarga bardosh bergan bo‘lsang? Sen shirin joningga dushmanmisan? Biror nima desang, bo‘lardi-ku? Hech qursa, ma’zur ko‘ring, yeyolmayman, deyish shuncha qiyinmi?"
Luqmon javob berdi: "Men sizning qo‘lingizdan shuncha ko‘p shirin narsalar yedim, moddiy va ma’naviy ozuqa oldimki, bularning evazini o‘tay olmasligimni o‘ylab, huzuringizda xijolatman. Shunday bo‘lgach, qo‘llaringiz bilan bergan narsani, qanday qilib: "Achchiq ekan, yeyolmayman", deyman? Siz nimaiki bersangiz, xushnudlik bilan qabul qilaman! Sizdan yetgan biror aziyatdan shikoyat qilsam, boshimga tuproq sochilsin. Lutfkor qo‘lning totini bir qovunning achchiqligi qanday ketkazsin? Xojam! Muhabbat sabab achchiq shirin, mis oltin, zindonlar gulzor, podshoh qul, qul shoh bo‘ladi. Davosiz dardlar shifo topadi. Muhabbat ila qorong‘i uylar yorishadi, qayg‘u, iztiroblar quvonchga, yo‘ldan adashtiruvchilar saodat yo‘lini ko‘rsatuvchilarga, qahr rahmatga aylanadi".
SHERLAR.NET