Вверх
Суббота, 20-Апреля-2024, 12:30
| RSS


Меню сайта
Категории раздела
SEVGI HAQIDA HIKOYALAR / MUXABBAT QISSALARI / ARMONLI VOQEALAR [13]
OTA ONA HAQIDA HIKOYALAR / TASIRLI VOQEALAR / REAL XIKOYALAR [9]
DO'STLIK HAQIDA HIKOYALAR / TASIRLI VA QIZIQARLI VOQEALAR [3]
DETEKTIV HIKOYALAR / IZQUARLAR HAQIDA HIKOYALAR / QISSALAR [7]
BOLALAR UCHUN ERTAKLAR / ERTAKLAR OLAMIGA SAYOHAT [9]
ARALASH HIKOYALAR / XAR XIL HIKOYALAR TO'PLAMI [6]
TA'SIRLI HIKOYALAR / REAL VOQEALAR / AJOYIB HIKOYALAR [12]
HAJVIY HIKOYALAR / HAJVIYALAR / KULGILI HIKOYALAR [7]
IBRATLI HIKOYALAR / HIKMATLI RIVOYATLAR [10]
LATIFALAR TO'PLAMI | HANGOMALAR | PRIKOLLAR KULGILI VOQEALAR [43]
Лучшие Афоризмы
AYOLLAR HAQIDA AFORIZMLAR MANOLI GAPLAR / Афоризмы о женщинах
SEVGI MUHABBAT HAQIDA AFORIZMLAR OLAMI / MANOLI GAPLAR
AYRILIQ ARMON HAQIDA STATUSLAR / AFORIZMLAR/ MANOLI VA AQLLI GAPLAR
PUL BOYLIK HAQIDA AFORIZMLAR / MANOLI GAPLAR / STATUSLAR
DO'STLIK HAQIDA AFORIZMLAR / DO'ST HAQIDA STATUSLAR / MANOLI GAPLAR
UMR ,VAQT, HAYOT HAQIDA DONO AFORIZMLAR / MANOLI SO'ZLAR
HAZIL AFORIZMLAR / KULGULI AFORIZMLAR / PRIKOL GAPLAR / STATUSLAR
TALABALAR HAQIDA AFORIZMLAR / STUDENTLAR HAQIDA STATUSLAR
ARALASH STATUSLAR / YANGI AFORIZMLAR / MANOLI GAPLAR TO'PLAMI
Категории рассказы
SEVGI HAQIDA HIKOYALAR / MUXABBAT QISSALARI / ARMONLI VOQEALAR
OTA ONA HAQIDA HIKOYALAR / TASIRLI VOQEALAR / REAL XIKOYALAR
DO'STLIK HAQIDA HIKOYALAR / TASIRLI VA QIZIQARLI VOQEALAR
DETEKTIV HIKOYALAR / IZQUARLAR HAQIDA HIKOYALAR / QISSALAR
BOLALAR UCHUN ERTAKLAR / ERTAKLAR OLAMIGA SAYOHAT
ARALASH HIKOYALAR / XAR XIL HIKOYALAR TO'PLAMI
TA'SIRLI HIKOYALAR / REAL VOQEALAR / AJOYIB HIKOYALAR
HAJVIY HIKOYALAR / HAJVIYALAR / KULGILI HIKOYALAR
IBRATLI HIKOYALAR / HIKMATLI RIVOYATLAR
Мини-чат
Наш опрос
Оцените мой сайт
Всего ответов: 337
Статистика
Главная » Статьи » HIKOYALAR TO'PLAMI / TA'SIRLI REAL VOQEALAR » DETEKTIV HIKOYALAR / IZQUARLAR HAQIDA HIKOYALAR / QISSALAR

Qaltis o'yin (Detektiv hikoya)

Jek Ritchi

Bir soat ruletka o‘ynab, uch ming dollar yutib oldim. Oxirgi o‘ttiz daqiqa mobaynida ko‘k ko‘zli yoqimtoygina qiz bilan o‘ynadim.

— Bu oqshom omadingiz keldi, — dedi u muvaffaqiyatimni izohlar ekan.

O’yin mobaynida uning ismi Adreyn Makklouzi ekanligini bilib oldim. Undan yana ming dollar yutgach, blekjek o‘ynalayotgan stol tomon yurdim.

– Ruletkada omadingiz keldi-ku. Blekjekka o‘tishning nima keragi bor?

– Ruletkada yutuq tasodif yo omadga bog‘liq, — jilmaydim men. — Kallani ko‘proq ishlatadigan o‘yinlarni yoqtiraman. Blekjekda inson o‘z baxtiga, albatta muayyan darajada, o‘z kuchi bilan erishadi.

Men stollardan birining atrofida o‘tirgan uchta pontyor davrasiga qo‘shildim va soat o‘n birga borib yana ikki ming dollarga boyidim. Bir oqshomda yutgan pullarim olti mingga yetgan edi.

— Menimcha, bugunga yetadi.

Fishkalarni naqd pulga almashtirib, Adreyn bilan ertaga yana uchrashishga kelishdim-da, «kadillak»ka minib uyga jo‘nadim.

Uydagi bironta ham derazada yorug‘lik ko‘rinmasdi. Ikkinchi qavatdagi xobxonamda hamyonimdan pullarni chiqarib, ularga uzo-oq tikildim. Odamlar nima uchun qimorga qiziqadi? Kasallikmi bu? Ahmoqlikmi?

Ertalab odatdagidek Sara ammam bilan nonushta qildim. U haligacha oila qurmagan. Kollejning birinchi kursida o‘qiyotganimda ota-onam aviafalokatda halok bo‘lishgan. Dafn marosimidan so‘ng menga asosan qarzlar meros qolganligi ma’lum bo‘ldi. Sara ammam o‘qishim uchun pul to‘lashni o‘zining burchi deb bilganidan shunga qaror qildi. Tahsilni tugatdim, lekin bir kun ham ishlamadim: u meni yonida olib qolishni ma’qul ko‘rdi. Azbaroyi o‘ziga yaqin olganidan emas, menimcha, u uyda qarindoshlardan kimdir yashashini xohlar edi.

Choy ichib bo‘lganimizdan so‘ng ammam ichiga bir oylik nafaqam — ming dollarlik chek solingan tanish oq konvertni men tomon surib qo‘ydi.

Uning yuzidan o‘pdim:

— Qanday mehribon va muruvvatlisiz, Sara amma!

Kechki soat sakkizda yana «Jeyson klubi»ga bordim. Adreyn barda bir semiz erkak bilan o‘tirgan ekan. U bilan oldin uchrashgan edim. Svensonmidi yo Svansonmidi? Menimcha, u Sara ammamning kompaniyalaridan birida vitse-prezident bo‘lib ishlar edi. Meni ko‘rib Adreyn salomlashganday qo‘l silkidi va tezda yonimga keldi.

— Ko‘rinib turibdi, va’daga vafo qilar ekansiz, janob Uentuort.

Kecha unga familiyamni aytmagan edim, shekilli, ammo aytgan bo‘lsam ham unutgan bo‘lishim mumkin. Kassada ming dollarni fishkalarga almashtirib ruletka sari yurdim.

— Blekjek yaxshiroq degan edingiz-ku? — hayron bo‘ldi Adreyn.

— Hozir ruletka o‘ynagim kelayapti.

Bir soatda uch ming dollar yutib oldim. O’yin davomida menga diqqat bilan razm solayotgan kishiga ko‘zim tushdi, u klubning egasi janob Jeyson edi. Biz tanish emas edik albatta, lekin men uning rasmini gazetalarda bir necha bor ko‘rgandim.

Fishkalarni yig‘ib olib, blekjek o‘ynaladigan stolga o‘tdim va yutishda davom etdim. Bankomyot o‘ynalgan qartalarni tez-tez yangisiga almashtirar edi. Nihoyat, Jeyson uning o‘rniga boshqa bankomyotni qo‘ydi. Aftidan u klub egasining to‘liq ishonchini qozongan odam edi. Biroq buning ham foydasi bo‘lmadi.

Adreyn men bilan kassa tomon yurdi.

— Omad qushini o‘zingiz bilan olib yurasiz shekilli, — jilmaydi u. — Yoki boshqa bir gap bormi?

Men banknotlarni hamyonimga soldim.

— Ertan kechqurun yana kelaman.

Uyda ikki oqshomda yutib olingan o‘n ikki ming dollarni miriqib sanab chiqdim. Qadahga brendi quyib, shoshilmay ichdim.

Chorshanba kuni odatdagidek tushdan keyingi tamaddi paytida Sara ammamning advokati, moliyaviy maslahatchisi, o‘zini oilamizga yaqin oluvchi Amos Tillman bilan uchrashdim. U menga diqqat bilan tikildi.

– Aytganday, Rojer, eshitishimga qaraganda qimorga qiziqib qolibsan.

– Svenson aytdimi?

– Svanson. Uchrashganimizda u gap orasida seni «Jeyson klubi»da ikki marta ko‘rganini aytdi.

– Svansonning o‘zi «Jeyson klubi»da nima qilib yuribdi?

Tillman yelka qisdi:

— Nima qilsa ham o‘zining ishi. Lekin, Rojer, sen ruletka yoki blekjek o‘ynamoqchi ekansan, nega aynan shu klubni tanlading?

— Tanlaganim yo‘q. Shunchaki yonidan o‘tib ketayotib qarasam, sigaretim tugab qolibdi. Odatdagi bar deb o‘yladim. Kutilmaganda shundoq yonginasida ruletka o‘ynaydigan joy borligini bilib qoldim. Sira xabarim yo‘q edi. Omadimni sinab ko‘rmoqchi bo‘ldim.

– Jeyson haqida biron nima bilasanmi o‘zi?

– Gazetalarda u haqda o‘qiganman.

— Umrining yarmini turmada o‘tkazgan. O’g‘irlik, qurolli bosqinchilik, ehhe, u nimalar qilmagan deysan. Uch marta qotillikda gumon qilib hibsga olishgan, lekin dalillar yetarli bo‘lmagani uchun qo‘yib yuborishgan.

— Ehtimol, rostdan ham uning hech qanday aybi yo‘qdir.

Tillman kuldi.

— Qurbonlarining hammasi undan qarzdor bo‘lishgan. Uncha-muncha emas. — U kokteyldan ho‘pladi. — Sen qancha yutqazding?

— Bir tsent ham yutqazganim yo‘q, o‘n ikki ming dollar yutdim.

U o‘ylanib qoldi.

— Baribir, Rojer, shuncha pulni yutib olishing to‘g‘rimi, ayniqsa, Jeysondan? U bu bola mening boshqa qarzdorlarimdan hech nimasi bilan farq qilmaydi degan qarorga kelishi mumkin. Ayni paytda sen tufayli o‘n ikki ming dollar zarar ko‘rgan, axir.

— Xo‘p, garchi pul yutgan bo‘lsam-da, bu haqda Sara ammamga hech narsa demasangiz sizdan juda minnatdor bo‘lar edim. Uning qimorga munosabatini bilasiz-ku…

Kechqurun yana «Jeyson klubi»ga bordim.

Odatdagiday Adreyn Makklouzi men bilan birga ruletka o‘ynashga kirishdi.

Ikki soatda ming dollarga yaqin pul yutqazdim. Blekjek stoliga o‘tdim va u yerda ham ming dollardan ayrildim. Bugunga shu ham yetadi degan fikr xayolimdan o‘tdi.

— Boyo‘g‘liday tunda tinim bilmaysan. Kinoga borayapsanmi? — so‘radi Sara ammam nonushta mahali.

— Juda qiziqib ketibman.

— Nimayam derdim, o‘z pulingga tushayapsan. Lekin, bilishimcha, chiptalar hozir nihoyatda qimmat bo‘lib ketgan. Esimda, bir paytlar hatto markazda ham kino chiptasi qirq yo ellik tsent turar edi. — U burda nonga yog‘ surtdi. — Men tun bo‘yi Uellingtonning taklifi haqida o‘ylab chiqdim.

Teddey Uellington va uning xotini meni o‘zlarining Gavayidagi ranchosida bir necha hafta dam olishga taklif qilishgan edi. Kollejda biz Teddey bilan bir xonada yashaganmiz, u bilan uchrashgunga qadar Gavayida katta poda boqiladigan rancho bo‘lishi mumkinligini yetti uxlab tushimda ham ko‘rmagan edim.

Sara ammam pichoqni stolga qo‘ydi.

– Borishing mumkin.

– Menga juda mehribonsiz, amma, ammo yolg‘iz qolib qiynalasiz-ku?

– Bir amallarman.

– Necha kunga ketishim mumkin?

– Menimcha, bir hafta yetadi.

– Nonushtadan so‘ng men turbyurodagi agentimizga telefon qilib, hammasini kelishib oldim. Oyning oxirida ketishga qaror qilgan edim.

O’sha kecha «Jeyson klubi»da besh mingimdan ayrildim. Keyingisida olti mingdan, bir oylik nafaqam ham shuning ichida.

– Hammasi tamom. Go‘yo menda o‘n uch ming dollar bo‘lmaganday.

– O’z pulingizdan faqat ming dollar yutqazdingiz, — gapimni tuzatdi Adreyn va yoqimli jilmaydi. — Ertaga kelasiz-a? Albatta omadingiz chopadi.

– Kelmasam kerak. Bir tsentim ham qolmadi.

– Bir tsent ham?.. Bo‘lishi mumkin emas, janob Uentuort.

– Umuman olganda haqsiz. Lekin gap shundaki, menda naqd pul yo‘q. Hatto chek ham yozib berolmayman. Mening hamma aktivlarim bog‘langan, naqd pulni faqat keyingi oyning birinchi sanasida olaman.

– Birgina naqd pulingizning yo‘qligi sevimli mashg‘ulotingizdan voz kechishingizga sabab bo‘lolmaydi. Nega qarz olmaysiz?

– Ertaga do‘stlarimdan so‘rab ko‘rarman.

– Ularni qo‘ya turing. Nega Jeysondan ola qolmaysiz?

– Chunki u bilan tanish emasman. Nima uchun u menga qarz berar ekan?

– Men sizga kafil bo‘laman.

– Siz Jeyson bilan tanishmisiz?

– U boshini irg‘adi:

– Bir necha marta uchrashganman. U juda saxiy, har doim ahvolingizni tushunishga, yordam berishga tayyor.

U meni ikki daqiqa yolg‘iz qo‘yib, mijozlari qanday qilib yutqazayotganini bardan turib kuzatayotgan Jeyson tomon yurdi. Ular ikki og‘iz gaplashgach, Adreyn men tomon o‘girilib imladi.

Uchalamiz tor yo‘lakdan o‘tib kichkina xonaga kirdik.

— Janob Uentuort, — kulimsiradi Jeyson. — Adreyn menga vaziyatni tushuntirdi. Aminmanki, sizga yordam bera olamiz. Qarz borasida muammo bo‘lmaydi. Faqat tilxat yozib berishingiz kerak. Qancha pul olmoqchisiz?

Ilgari hech birovdan qarz olib ko‘rmagan edim, shu bois bu gap-so‘zlar menga qattiq ta’sir qildi.

– To‘g‘risini aytganda, bilmadim.

– Ming? Ikki ming? Ayting, janob Uentuort.

Men ming dollarga tilxat yozib berdim va pulni fishkalarga almashtirdim.

Soat o‘n birda blekjek o‘ynashni to‘xtatdim: fishkalarni boy berib bo‘lgan edim.

Bugunga yetadi.

Adreyn mayin jilmaydi.

– Lekin ertaga kelasiz-a, shundaymi?

– Nima, yana qarz so‘rasam berishadimi?

Oyning yigirma beshinchi kuni Jeysonning xonasiga kirganimda qarzlarim o‘ttiz to‘rt ming dollarga yetgan edi.

— Mening qarzlarim nima bo‘layapti? Yana qancha berib tura olasiz?

Qancha qarzim borligini Jeyson juda yaxshi bilsa-da, tilxatlarimni qo‘liga oldi.

— Mening ahvolimni tushunasiz, janob Uentuort. Xarajat daromadga mos bo‘lishi kerak. Judayam qarzga botish yaramaydi. Aks holda vaziyat izdan chiqib ketadi. Buning oqibati yomon bo‘ladi. — U stolidagi taqvimga qaradi. — Menimcha, sizga qirq ming bera olaman. Boshqa berolmayman.

Men o‘ychan iyagimni qashidim.

— Sezib turibman, bugun albatta omadim keladi. Ammo vaqtinchalik muvaffaqiyatsizlik tufayli taslim bo‘lmaslik uchun kissamda ko‘proq pul bo‘lishini xohlayman. Qolgan olti mingni menga hoziroq bera olasizmi?

Ruletkada yuta boshladim: besh ming ishlab oldim. Biroq keyin omadim ketdi, soat millari o‘n yarimni ko‘rsatayotganda bor pulimdan ayrilib bo‘lgan edim. Adreynga engashdim:

— Siz bilan gaplashib olishim uchun bir necha daqiqa vaqt ajrata olasizmi?

U yelkasini qisdi.

– Bo‘lmasam-chi.

– Yaxshi. Mashinamda kutaman. Okrugni aylanamiz va men sizga ba’zi narsalarni tushuntiraman.

Katta yo‘lga chiqqunimizcha indamadim.

— Adreyn, men o‘zimni aybdor his qilayapman, shuning uchun avvalo siz bilan gaplashib olishim kerak deb o‘yladim. Har holda siz Jeysonning oldida menga kafil bo‘lgansiz.

– Mabodo uni aldab ketmoqchi emasmisiz? — uning ovozida norozilik alomati paydo bo‘ldi.

– Ey xudo, yo‘q! Pulini bir tsent ham qoldirmay qaytarib beraman, faqat u o‘ylaganchalik tez emas. Men unga oyiga atigi besh yuz dollardan bera olaman. Olti yilu sakkiz oydan so‘ng qarzimdan butkul qutulaman.

Uning tili kalimaga kelguncha birmuncha vaqt o‘tdi.

– Oyning boshida naqd pul olishingizni aytganday bo‘luvdingiz.

– Aytuvdim. Olaman, lekin Jeyson kutayotganchalik ko‘p emas. Bilasizmi, har oyning birinchi kuni men ming dollar naqd pul olaman.

U dong qotib qoldi.

– Ming dollar? Ming?

– Men bosh irg‘adim.

– Qarzni qaytarmoq – farz. Jeysonga besh yuz dollar jo‘nataman, qolganini esa amallab oyning oxirigacha yetkazarman.

Adreyn achchiqlana boshladi.

– Uentuortlarning puli bor. Masalan, yer-mulk…

–Mening nomimda emas. Hatto mana shu mashina ham o‘zimniki emas.

– Bo‘lmasa gapimni eshit, — ovozini ko‘tardi u. — Jeyson pulni oyning birinchi kuni olmoqchi. Hammasini. Uning ishonchini oqlamaganlarga nima bo‘lishini yaxshi bilasan.

– Shunisidan xavotirda edim. Ba’zi ehtiyot choralarini ko‘rib qo‘yishga to‘g‘ri keldi. Men olti yilu sakkiz oyga butkul g‘oyib bo‘laman, bu vaqt mobaynida Jeyson oyiga besh yuz dollardan olib turadi.

U alam bilan kuldi.

– Hech nima qilolmaysan. Qaerga yashirinsang ham Jeyson topib oladi.

– Bo‘lmagan gap. Uning qarzlarni undirib oluvchi ikki yo uchta odami bor ham deylik. Ular butun yer yuzini tit-pit qilib chiqolmaydi. Jiddiy ravishda qidirish uchun esa u menga bergan qirq ming dollardan ham ko‘p pul sarflashiga to‘g‘ri keladi. Yo‘q, aminmanki, Jeyson jahldan tushgach mening taklifim eng ma’quli ekanligini tushunadi.

— Meni klubga olib borib qo‘y, — buyurdi Adreyn.

Aytganini qildim.

U mashinadan tushdi.

— Shu yerda kutib tur.

Biroq Jeysonni yoki boshqa birovni kutmoqchi emasdim, to‘g‘ri aeroportga jo‘nadim. Mashinani avtobillar to‘xtash joyiga qo‘ygach, bagajidan avvaldan tayyorlab qo‘yilgan ikkita chamadonni oldim va aeroport binosiga kirdim.

Yarim soatdan keyin San-Frantsiskoga, u yerdan boshqa reys bilan Gavayi orollariga uchib ketdim. Teddey Uellingtonnikida mehmon bo‘lib turganimning uchinchi kuni menga Amos Tillman telefon qilib, sovuq xabar yetkazdi: yarim kechasi uyga kimdir bostirib kirib Sara ammamni o‘ldirib ketibdi. Politsiya ming urinsa ham hozircha jinoyatchini topolmayotgan emish.

Men go‘shakni qo‘ydim. Uni kim o‘ldirgan? Jeysonmi? Uning shotirlaridan birimi? Ehtimol Adreyndir? Jeyson yoki Adreyn meni merosni olgach qarzni to‘laydi deb o‘ylashganmikan?

Xo‘rsindim. Albatta tezda Jeysonning qarzidan qutulaman va boshqa hech qachon uning klubiga bormayman. Qimor — ahmoqlar o‘yini. Yutaman deb xomtama bo‘lmaslik kerak, «Jeyson klubi»da o‘tkazgan dastlabki ikki oqshomimning ko‘rsatishicha yutqazaman deb ham o‘ylamaslik kerak.

Qadahga brendi quydim.

Topdim!

Bo‘lmasa boshqa bir mundayroq yo‘lini topishimga to‘g‘ri kelardi, lekin topdim!

Professional qotilni qanday topish va yollash mumkin? Ular gazeta orqali xizmatini taklif qilishadimi? Albatta yo‘q. Do‘stlar yo notanish odamlardan surishtirish kerakmi? Ahmoqlik. G’oyat xavfli. Tovlamachi yoki politsiyaning xabarkashiga duch kelib qolish mumkin.

Yo‘q, faqat birgina xavfsiz yo‘li bor: yollanma qotil uni yollaganlarini bilmasligi shart. Bu necha pul turadi?

Mening misolimda — qirq ming dollar.

Rus tilidan Hasan Karvonli tarjimasi

 

SHERLAR.NET
Категория: DETEKTIV HIKOYALAR / IZQUARLAR HAQIDA HIKOYALAR / QISSALAR | Добавил: admin (31-Января-2017)
Просмотров: 5084 | Теги: qissa, dfetektiv qissalar to'plami, asarlar, qiziqarli detektiv voqealar, detektiv qissalar, detektiv, detektiv hikoyalar, hikoyalar, yangi hikoyalar | Рейтинг: 5.0/30

Qaltis o'yin (Detektiv hikoya) haqida ajoyib she'r yoki hikoyalarni www.Sherlar.Net - AFORIZM VA STATUSLARda miriqib o'qishingiz mumkin

Ushbu saxifada Qaltis o'yin (Detektiv hikoya) haqida juda ajoyib she'rlarni o'qishingiz mumkin bo'ladi ajoyib hikoyalar, tasirli voqealar va she'rlarni bizning saytda o'qing DETEKTIV HIKOYALAR / IZQUARLAR HAQIDA HIKOYALAR / QISSALAR bo'limida yana bir qancha ajoyib hikoyalar, qiziqarli va manoli aforizmlar yoki she'rlarni maroq bilan o'qing
Bizning saytda xar kuni bir biridan qiziqarli manoli tasirli hikoyalar, she'rlar, va aforizmlar ni o'qishingiz mumkin bo'ladi
yana bizning saytda Qaltis o'yin (Detektiv hikoya) dan tashqari yana DETEKTIV HIKOYALAR / IZQUARLAR HAQIDA HIKOYALAR / QISSALAR Haqida ham ajoyib maqolalar (www.Sherlar.Net - AFORIZM VA STATUSLAR) saytida birinchi bo'lib e'tiboringizga havola etiladi
Bizdan yiroqlashmang zero biz sizlar uchun doim xizmatdamiz xurmat bilan She'rlar Group

Всего комментариев: 0
avatar
Поиск по сайту
Погода
Суббота 20-Апреля-2024
Яндекс.Погода

Yangiliklar








Смотреть все новости
Лучшие стихи
ABDULLA ORIPOV SHE'RLARI / HALQ SHOIRI ABDULLA ORIPOV BARCHA SHE'RLARI
AHAD QAYUM SHERLARI / АХАД КАЮМ ШЕРЛАРИ / AHAD QAYUM YANGI SHE'RLARI TO'PLAMI
AYRILIQ / ARMON / ALAM / AZOB HAQIDA TA'SIRLI SHERLAR
DO'ST HAQIDA SH'ERLAR / DO'STLIK HAQIDA SHE'R / Стихи о дружбе
ERKIN VOHIDOV BARCHA SHERLARI / ЭРКИН ВОХИДОВ БАРЧА ШЕРЛАРИ
English poems, love poems in English / Inglizcha she'rlar / Ingliz tilida yangi she'rlar
Hayot haqida ta'sirli she'rlar / Umr haqida dardli she'rlar
HAMID OLIMJON SHERLARI / ХАМИД ОЛИМЖОН ШЕРЛАРИ / O'ZBEK SHOIRI
HAYIT BAYRAMIGA CHIROYLI VA MANOLI SHE'RLAR / ХАЙИТ БАЙРАМИГА ЯНГИ ШЕРЛАР
IBRATLI VA HIKMATLI SHE'RLAR / MANOLI VA TASIRLI SHERLAR
MARHABO KARIMOVA SHE'RLARI / МАРХАБО КАРИМОВА ШЕРЛАРИ
MUHAMMAD YUSUF SHE'RLARI / ANDIJON SHOIRI MUHAMMAD YUSUF SHERLARI
OTA ONA HAQIDA SHE'RLAR / ОТА ОНА ХАКИДА ТАСИРЛИ ШЕРЛАР
O'ZBEK SHOIRLARI IJODIDAN / O'ZBEKISTON BUYUK SHOIRLARI SHE'RLARI
TABRIK SHE'RLARI / TABRIK SO'ZLARI / ПОЗДРАВИТЕЛЬНЫЕ СТИХИ
TALABALAR UCHUN SHE'RLAR / Стихи для студентов
TO'Y HAQIDA JUDA TASIRLI SHE'RLAR / YOR YOR HAQIDA ALAMLI SHE'RLAR
SMS QISQA SHE'RLAR / СМС КОРОТКИЕ СТИХИ
SMS MAKTAB HAQIDA SHE'RLAR / SINFDOSH HAQIDA SHE'RLAR / Школьные Стихи
SMS HAZIL SHERLAR / KULGILI SHERLAR / PRIKOLLAR
SEVGI IZHORLARI HAQIDA SHE'RLAR / SEVGI ZHORLARI / DIL IZHORLARI
SEVGI MUHABBAT HAQIDA SHERLAR / СТИХИ О ЛЮБВИ
VATAN HAQIDA SHE'RLAR / O'ZBEKISTON HAQIDA YANGI SHE'RLAR / Стихи о РОДИНЕ
YANGI YIL UCHUN SHE'RLAR 2017 2018 2019/ СТИХИ ДЛЯ НОВОГО ГОДА
ZULFIYA SHERLARI / O'ZBEK XALQ SHOIRI ZULFIYA SHERLARI / ЗУЛФИЯ ШЕРЛАРИ
8-MART AYOLLAR BAYRAMIGA SHE'RLAR / XOTIN QIZLAR BAYRAMIGA TABRIK SHERLAR / 8 марта Женщины праз...
14-FEVRAL SEVISHGANLAR KUNI UCHUN SHE'RLAR / Стихи для Дня святого Валентина 14 февраля,
14-YANVAR VATAN HIMOYACHILARI UCHUN SHERLAR / YIGITLAR UCHUN SHERLAR
СМС валентинки СМС в день Святого Валентина, 14 февраля, СМС валентинки
Стихи о любви / Красивые стихи
MENING IJODIM / YOSH SHOIRLAR SHE'RLARI TO'PLAMI
ARALASH SHE'RLAR / XAR XIL TA'SIRLI SHE'RLAR TO'PLAMI
TURSUNOY SODIQOVA SHE'RLARI TO'PLAMI / O'GIRTLARI
TURKCHA SHE'RLAR / Türk Şiirleri / Турецкие Стихи
Поиск
Друзья сайта
  • www.Mediauz.net
  • www.Zamonaviy.net
  • www.Ziyo-music.com
  • www.Antiqa.uz
  • Copyright SHERLAR.NET © 2024
    Вопросы или предложения Присылайте на sherlar8020@gmail.com.
    uCoz